Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar, hurmatli ota-onalar!
So‘nggi kunlarda bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq salbiy xabarlar barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yuz bergan voqea meni nafaqat vazir, balki ona sifatida ham qattiq larzaga soldi. Bolaning xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan insonlarning o‘z vazifasiga loqayd munosabatda bo‘lishini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.
Voqea haqida eshitganimda Andijonda edim. O‘sha kuni Toshkentga qaytish o‘rniga Namanganga borib, vaziyatni joyida o‘rgandim. Holatning tafsilotlari, mas’ullar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va ko‘rilayotgan choralar bilan tanishdim.
Shu o‘rinda, nega bu haqda avvalroq ommaga ma’lumot berilmadi, degan savolga ham javob bermoqchiman. Holat yuzasidan tergov olib borilayotgani sababli uning jarayoniga xalaqit bermaslik, eng avvalo, qizaloqning manfaatlari va shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish uchun tafsilotlarni oshkor qilmadik. Vakolatli organlarning xulosalarini kutayotgan vaqtimizda ham vazirlik o‘z vakolati doirasida holatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish ishlarini davom ettirdi.
Avval xabar berilganidek, voqeaga aloqadorlikda gumon qilinayotgan barcha xodimlar ishdan olindi. Vazirlik tomonidan holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifalarini qanday bajarganini aniqlash hamda ularning o‘z lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzildi. Ushbu jarayonlarni shaxsiy nazoratimga olganman.
O‘rganish davomida kim o‘z vazifasini bajarmagani, kim beparvolikka yo‘l qo‘ygani va kim ushbu holatga ko‘z yumganiga aniqlik kiritilishi kerak. Bolalar xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan har bir xodim va rahbarning faoliyatiga shu mezon asosida baho beriladi. Ularning lavozimi yoki xizmat tajribasidan qat’i nazar, vazirlik vakolati doirasida qat’iy choralar ko‘riladi. Aybdor deb topilgan shaxslar esa qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Ayni kunlarda maxsus ishchi guruh mamlakatimizdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining — rahbarlardan tortib texnik xodimlargacha — faoliyatini o‘rganmoqda. Bu jarayonda aniqlangan har bir kamchilikning sababi va unga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning javobgarligi ko‘rib chiqiladi. Ko‘riladigan choralar bolalar uchun xavfsiz muhit yaratishga va bunday voqealarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qilishi kerak.
Tizimdagi barcha rahbar va xodimlarga murojaat qilaman: sizga ishonib topshirilgan har bir bolaning xavfsizligi kundalik faoliyatingizning eng asosiy talabi bo‘lishi shart. Farzandlarimiz taqdiriga befarq, o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgan insonlarning ta’lim tizimida ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ota-onalarning ishonchini oqlash uchun har bir bog‘chada bola himoyalanganini, unga mehr va e’tibor ko‘rsatilayotganini amalda ta’minlashimiz zarur.
✉️ Telegram 📱
Instagram 🗳
Facebook